Relyefi, asosan, tekislik, koʻp qismi qumlik. Shimoli-sharqda Qizilqum choʻli, janubi va janubi-gʻarbda Zarafshon vodiysi bilan tutashgan. Tumanning gʻarbida Ovminzatovning sharqiy tarmoqlari joylashgan. Janubiy qismida Qaraqota botigʻi bor. Iqlimi quruq, keskin kontinental. Oʻrtacha temperatura iyulda 32—33°, yanvarda — 0—2°. Yiliga 100-150 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri qisqa. Tumanda oqar daryo yoʻq. Asosan, artezian suvlaridan foydalaniladi. Shoʻrkoʻl suv ombori qurilgan. Undan baliq ovlashda foydalaniladi. Tuprogʻi och tusli boʻz, shoʻrxok. Oʻsimliklardan efemer, efemeroidlar va butasimon oʻsimliklar, rang, qoʻngʻirbosh, astragal, selin, saksovul, quyonsuyak qabilar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyaboʻri, jayron, kemiruvchi va sudraluvchilar yashaydi. Tuman hududidagi Qizilqum qoʻriqxonasida toʻqay va choʻl landshaftlari majmuoti va u yerdagi nodir hayvonlardan buxoro bugʻusi (xongul) muhofazaga olingan